Urganch davlat universiteti talabalari Xorazm viloyati transport boshqarmasida bo‘lishdi
![]() | ![]() |
Xorazm viloyati transport boshqarmasida yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni transport sohasida olib borilayotgan islohotlar va amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ochiq eshiklar kuni va ekskursiya tashkil etildi. Unda Urganch davlat universitetining Texnika fakulteti talabalari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida talabalar boshqarma binosi, ish jarayoni hamda sohada qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng, talaba-yoshlar va soha mutasaddilari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Savol-javob va ochiq muloqot tarzida kechgan ushbu tadbirda viloyat transport tizimining rahbarlari ishtirok etishdi.
![]() | ![]() |
Xususan, Xorazm viloyati transport boshqarmasi boshligʻi Babayev Rahmatillo Farxodovich, “Xorazm trolleybus Saroyi” DM direktori Satimov Temur Muhtarbekovich hamda Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil transportida nazorat Xorazm viloyati hududiy boʻlimi boshligʻi Anyozov Mardon Matchonovich talabalarga viloyatdagi transport infratuzilmasi, jamoat transportini rivojlantirish yo‘nalishidagi istiqbolli rejalar hamda yo‘llarda xavfsizlikni ta'minlash borasidagi nazorat tizimi haqida batafsil ma'lumot berdilar.
![]() | ![]() |
Muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, xususan, jamoat transporti yo‘nalishlarini optimallashtirish, ekologik toza transport turlarini kengaytirish hamda sohada raqamlashtirish jarayonlarining borishi yuzasidan atroflicha javoblar olishdi. Rahbarlar yoshlarning amaliy taklif va mulohazalarini tinglab, kelajakda yetuk kadrlar bo‘lib yetishishlarida bu kabi jonli muloqotlarning o‘rni beqiyos ekanligini ta'kidladilar.
Ekskursiya yakunida oliy ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini bevositat boshqarma va uning tizim tashkilotlarida tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.
Xorazm viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati







